Kurash sportini rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Kurash sportini rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Bugun 7 may Toshkent shahridagi " Wyndham Silk Road Tashkent" mehmonxonasi anjumanlar zalida "Kurash sportini rivojlantirishning dolzarb muammolari" mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Xalqaro kurash instituti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Sport vazirligi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda ko‘plab yuqori martabali mehmonlar, jumladan O‘zbekiston sport vaziri, IKA birinchi vitse-prezidenti A.Ikromov, IKA prezidenti H.Farmon, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy media birlashmasi raisi,  O‘zJOKU rektori,  IKA vitse-prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘ja, IKA Bosh kotibi Rizo Nassiri, Osiyo kurash konfederatsiyasi prezidenti Komil Ro‘ziyev, Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tadjiyev, Toshkent davlat transport universitetining birinchi prorektori, professor Dilshod Baratov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahtiyor Kadirov, O‘KF raisining yordamchisi Sardor Karimov, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi prezidenti Umid Yakubov, IKA Administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev,  O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi R.Dastirov va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdilar.

Shuningdek, anjumanda qator xorijiy davlatlarning elchixona vakillari, o‘ndan ziyod xorijiy davlatlardan kelgan xalqaro kurash ekspertlari, kurash sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, ayni kunlarda davom etayotgan uch oylik onlayn kursning amaliy treninglari ishtirokchilari va keng jamoatchilik faol qatnashdi.

Konferensiyaning yalpi majlisida kurashning jahondagi rivoji, uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish yo‘lidagi sa’y-harakatlar va sohaga oid boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston bilan bir qatorda Eron, Hindiston, Xitoy Taypeyi kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar, shuningdek Zoom platformasi orqali Polsha, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy mamlakatlar ekspertlari o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.