Kurash bo‘yicha Yangi loyiha - xalqaro murabbiylik va hakamlik onlayn o‘quv-kursi muhokama qilindi

Kurash bo‘yicha Yangi loyiha - xalqaro murabbiylik va hakamlik onlayn o‘quv-kursi muhokama qilindi

Kurash xalqaro institutida yil yakunlari,  natijalar, erishilgan  yutuqlar hamda kurash bo‘yicha Yangi loyiha - xalqaro murabbiylik va hakamlik onlayn o‘quv-kursi muhokama qilindi

 

Oldinda kurash olamidagi yangi imkoniyatlar va taraqqiyot!

Turli millat va madaniyat vakillarini birlashtirgan ko‘p asrlik tarixga ega Kurash tobora rivojlanib, yangi muxlislar e’tiborini qozonmoqda. Yil oxirida IKI o‘z faoliyati va ushbu sportni dunyoda targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlarini sarhisob qildi.

Joriy yilda institutda yuqori malakali murabbiy va hakamlar tayyorlashga qaratilgan ko‘plab oflayn seminarlar, mahorat darslari va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar kurashni rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, dunyodagi keng ommalashuviga xizmat qilmoqda.

IKI kurash mutaxassislarini kasbga tayyorlash va malakasini oshirishda yetakchi o‘rinni egallaydi. Kurash bo‘yicha XIV-jahon chempionati doirasida o‘tkazilgan Kongressda IKI rektori Habibulla Tadjiyev IKA Ta’lim qo‘mitasi raisi etib saylandi.

IKA prezidenti Haydar Farmonning H.Tadjiyevga yo‘llagan maktubida janob Farmon IKI rektorini yangi lavozim bilan tabriklab, kurash bo‘yicha yetakchi kadrlar tayyorlash va kurash ta’limi sohasini butun dunyoda keng targ‘ib qilishiga umid bildirdi. H.Tadjiyevning janob H.Farmonga yo‘llagan javob xatida, unga bildirilgan ishonch uchun chuqur minnatdorlik bildirib, IKI ning barcha o‘qituvchi-mutaxassislari hamda barcha xalqaro ekspertlar soha rivoji yo‘lida bor bilim va salohiyatlarini safarbar etib, butun dunyoda kurash bo‘yicha mutaxassislarni professional darajada tayyorlashni ta’kidladi. 

Kecha 20 dekabr kuni Xalqaro kurash institutining o‘tayotgan yil yakunlari hamda yangi loyiha – murabbiylik va hakamlik bo‘yicha uch oylik onlayn kursiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda IKA va IKI ning mas’ul xodimlari: IKA Bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri, IKI rektori Habibulla Tadjiyev, IKA administratsiya rahbari Mansur Mirzayev, IKI O‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Komil Muhammadiyev, IKI O‘quv bo‘limi rahbari, xalqaro toifadagi hakam Kim Eurjung va IKI ning boshqa mutaxassislari qatnashishdi.

Uchrashuvda mazkur loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. Kurash bo‘yicha yangi onlayn kurs xalqaro kurash federatsiyalari murabbiylari va hakamlarining malakasini oshirish, shuningdek, ushbu sohaga qiziqqan yangi mutaxassislarni professional darajada tayyorlashga qaratilgan. Kurs ishtirokchilariga materialni chuqur o‘zlashtirish imkonini beruvchi vaqt va makon jihatdan qulay o‘quv formati taklif etiladi. Bir nechta yo‘nalishlardagi ta’lim modullarini o‘z ichiga olgan mazkur kurs – nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash uchun yuqori sifatli o‘quv formati, interaktiv darslar va sinov testlaridan foydalanish imkonini beradi. Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan barcha ishtirokchilarga ta’lim sifatini belgilovchi xalqaro sertifikat bilan tasdiqlanadi. Ushbu loyiha kurashning global qamrovini kengaytirish, butun dunyodan yoshlar va mutaxassislarni keng jalb qilishga qaratilgan.

Yig‘ilish doirasida shuningdek, “O‘zbekiston 24” telekanali tomonidan IKI ning 2023 yil faoliyatiga bag‘ishlangan telereportajning suratga olinishi ham mazkur chora-tadbirlarning ahamiyatini tasdiqlaydi. Bu institut sa’yi-harakatlari Kurashni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda rivojlantirishga intilishidan dalolatdir.